
DAVOLASHGACHA
Revmatik kasalliklar faqat bo‘g‘imdagi og‘riq bilan
cheklanmaydi. Ularning ayrimlari immun tizimi, yurak-qon tomir tizimi,
buyraklar, o‘pka, teri va boshqa a’zolarga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu
bois zamonaviy revmatologiyada kasallikni erta aniqlash, asoratlarning oldini
olish va bemorni kompleks boshqarish alohida ahamiyat kasb etadi.
Toshkentda davom etayotgan VIII Yevroosiyo revmatologlar
kongressi — LEAR 2026 ilmiy dasturining keng qamrovliligi ham ana shu zarurat
bilan bog‘liq.
Kongressda revmatoid artrit va osteoartritdan tortib tizimli
qizil bo‘richa, antifosfolipid sindrom, Shegren va Behchet kasalliklari,
podagra, mikrokristall artritlar hamda suyak metabolizmi buzilishlarigacha
bo‘lgan qator muhim klinik masalalar muhokama qilinmoqda.
Eng muhimi, mutaxassislar faqat kasallikning o‘zini emas,
bemorni yaxlit holda davolash masalasiga e’tibor qaratmoqda. Revmatoid artritda
komorbid holatlarni boshqarish, revmatik kasalliklar va homiladorlik, dori
vositalarini oqilona qo‘llash, reabilitatsiya hamda bemorning funksional
holatini baholashga bag‘ishlangan ma’ruzalar buning yaqqol ifodasidir.
Dasturdagi yana bir e’tiborli yo‘nalish — sun’iy intellekt
davrida revmatologiya. Kongressda shifokor va bemor uchun sun’iy intellekt
yaratishi mumkin bo‘lgan yangi imkoniyatlar ham professional muhokamaga olib chiqilmoqda.
Zamonaviy biologik terapiya, genetik markerlar, immunologik
mexanizmlar va yangi davolash yondashuvlarining muhokama qilinishi
revmatologiyaning tobora aniq va shaxsiylashtirilgan tibbiyot sari
rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Kongressning amaliy ahamiyati ham aynan shunda: ilmiy
natijani klinik qarorga, klinik qarorni esa bemor hayot sifatidagi real
o‘zgarishga aylantirish.
Toshkentdagi xalqaro ilmiy muloqot revmatologiyaning bugungi muammolarini muhokama qilish bilangina cheklanmay, ertangi davolash yondashuvlarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.Toshkent davlat tibbiyot universitetiAxborot xizmatiRasmiy sahifalarimiz!Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | Linkedin