Qasamyoddan ilmiy merosga…

Bugun Toshkent davlat tibbiyot universitetida yosh shifokorlar o‘z kasbiy yo‘llaridagi eng muhim so‘zni aytdilar — qasamyod qabul qildilar. Ertaga esa ular ushbu qasamyodga bir umr sodiq qolishning amaliy ifodasini yirik olim hayoti misolida ko‘radilar.
2026-yil 29-sentabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida professor Hamid Yoqubovich Karimovga bag‘ishlangan “Ilmiy meros haftaligi” start oladi.

Bir paytlar Hamid Yoqubovich ham bugungi talabalar kabi tibbiyot ostonasidan kirgan edi. U shifokorlik kasbini tanladi, inson salomatligiga xizmat qilish mas’uliyatini zimmasiga oldi. Keyinchalik esa bu tanlov uning butun umr mazmuniga aylandi.

Ilmga sadoqat — yirik ilmiy maktabga, ustozga hurmat — yuzlab shogirdlarga, kasbga muhabbat — tibbiyot ta’limidagi yangiliklarga, odamlarga mehr esa — insonparvarlik xizmatiga aylandi.

Bugun professor Hamid Yoqubovich Karimov — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, yirik patofiziolog, o‘z ilmiy maktabini yaratgan ustoz. Uning rahbarligida o‘nlab doktorlik va yuzdan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan. Fundamental tadqiqotlari klinik tibbiyotning ko‘plab yo‘nalishlari bilan uzviy bog‘langan.

Ertaga ustozning shogirdlari yana bir davrada jam bo‘ladilar. Bu oddiy xotira uchrashuvi emas. Chunki ustoz oramizda. Ilmiy maktab davom etmoqda.

Kelgusi o‘n kun davomida Hamid Yoqubovich Karimovning olim, ustoz, tashkilotchi va inson sifatidagi boy merosi yosh avlodga taqdim etiladi. Uning ilmiy g‘oyalari, shogirdlari, xalqaro faoliyati, tibbiy ta’lim va insonparvarlik yo‘lidagi xizmatlari haqida so‘z yuritiladi.

Balki bugun qasamyod qilgan yoshlarning ayrimlari yillar o‘tib o‘z ilmiy maktabini yaratadilar. Shunda ular ham bugungi kunni eslaydilar. Chunki qasamyod bir kunda aytiladi. Unga sadoqat esa — butun umr bilan isbotlanadi.
#ToshDavTU ##week_HamidKarimov#start#Ilmiy_meros_haftaligi#Ustoz_va_shogird#Ilmiy_maktab

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment