







Bugun «Xalqlar do‘stligi» san’at saroyida o‘tkazilgan «Talabalikka bag‘ishlov–2026” tantanali marosimi hamda “1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni” bayram tadbiri doirasida universitetning birinchi bosqichiga qabul qilingan 3 678 nafar talabalar «Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabasi qasamyodi»ni qabul qildilar.
Qasamyod orqali talaba-yoshlar bilim olish, tanlagan kasbiga sadoqatli bo‘lish, ustozlarini hurmat qilish hamda kelajakda inson salomatligini asrashdek sharafli va mas’uliyatli vazifani munosib ado etishga tantanali va’da berdilar.
Tantanali marosimda o’z kasbiy yo‘llarini boshlab, Vatan, xalq va tibbiyot oldidagi burchlarini yuksak mas’uliyat bilan zimmalariga oldilar.
Talabalar quyidagilarga qasamyod qildilar:O‘zbekiston Respublikasining mustaqilligi, konstitusion tizimi, demokratiya va qonunchiligini, Prezidentning obro‘yi va sha’nini mustahkamlash hamda asrashga;
Mustaqil O‘zbekiston fuqarosining shon-sharafini, jamiyatning siyosiy barqarorligini, fuqarolar osoyishtaligi va umummilliy totuvlikni eng yuksak qadriyat sifatida saqlashga;
Vatan taqdiri bilan o‘z taqdirlarini chambarchas bog‘lab, butun faoliyatlarini Ona diyor va uning buyuk kelajagiga bag‘ishlashga;
Vatan taraqqiyoti va gullab-yashnashiga hissa qo‘shib, uning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashiga bor kuchini safarbar etishga;
Tariximizni chuqur o‘rganib, u bilan g‘ururlanishga; Imom Al-Buxoriy, Ahmad Al-Farg‘oniy, Bahovuddin Naqshbandiy, Al-Xorazmiy, Al-Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy va Mirzo Boburdek ajdodlar merosini ehtiyot qilib boyitishga;
Sohibqiron Amir Temur vasiyatlariga amal qilishga;
Ajdodlarning ma’naviy qadriyatlarini hurmat qilib, odamlar ruhiyatini anglashga, ahil, pokiza, adolatli va insofli yashashga;
Zamonaviy davolash va tashxis usullarini chuqur o‘zlashtirib, yuqori malakali shifokor bo‘lishga; davolash san’atini bemorlar manfaati yo‘lida yo‘naltirishga; sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom avlodni tarbiyalashga; shifokor etikasi va deontologiyasi tamoyillariga qat’iy amal qilib, bemorlarning shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlarni hech qachon oshkor qilmaslikka;
Xalqimizga xos yuksak ma’naviy qadriyatlar va insonparvarlik an’analarini — oila, mahalla, yoshi ulug‘lar, o‘qituvchi va ustozlarni hurmat qilishni doimo esda tutishga;
Ota-ona oldidagi farzandlik burchini unutmay, uni to‘la ado etishga;
Kursdosh va o‘rtoqlar oldida kamtarona bo‘lib, do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga;
Mehnatsevar, jismonan chiniqqan inson bo‘lib, Vatan va millat oldidagi insoniy va fuqarolik burchini halol ado etishga; Vatan, el va yurtni ko‘z qorachig‘idek asrashga;
O‘zbekistonning barcha fuqarolarini millati, irqi va dinidan qat’i nazar hurmat qilishga hamda umr va kasb yo‘lida muvaffaqiyatga erishishga.
Bo’lajak shifokorlar shu tarzda Vatan, xalq va inson salomatligi oldidagi yuksak burchlarini tantanali ravishda qabul qildilar.
“Talabalikka bag‘ishlov–2026” marosimi doirasidagi qasamyodni qabul qilish jarayoni talabalar uchun y angi hayot bosqichining boshlanishi, bilim, kasb va kelajak sari qo‘yilgan ilk katta qadam bo‘ldi. Ularning katta orzular sari yo‘li aynan shu an’anaviy marosimdan boshlandi.
Rasmiy sahifalarimiz!