
#Talabalikka bag‘ishlov 2026.
USTOZGA EHTIROM — KELAJAKKA EHTIROM
“Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida Toshkent davlat tibbiyot
universiteti jamoasi uchun unutilmas tantana bo‘lib o‘tdi. “Talabalikka
bag‘ishlov – 2026” marosimi bu yil 1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni shukuhi
bilan uyg‘unlashib, ustozga ehtirom, shogirdga ishonch va avlodlar
davomiyligini bir sahnada mujassam etdi.
Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash
vazirining birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov, Oliy ta’lim, fan va
innovatsiyalar vazirining maslahatchisi Aziz Meliboyev, O‘zbekiston Sog‘liqni
saqlash xodimlari Kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi Farhodjon
Xapijayev, universitet rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar
ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan faxriy mehmonlar ustoz va murabbiylarni kasb
bayrami bilan muborakbod etib, bilimli, malakali va Vatanga sadoqatli avlodni
tarbiyalashda pedagoglarning o‘rni beqiyos ekanini ta’kidladilar.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor
Shuxrat Abdujalilovich Boymuradov ham ustozlarni 1-oktabr — Ustoz va
murabbiylar kuni bilan samimiy qutlab, universitetning bugungi yutuqlari
zamirida professor-o‘qituvchilarning yuksak ilmiy salohiyati, ko‘p yillik
tajribasi va fidokorona mehnati mujassam ekanini qayd etdi. Rektor birinchi
bosqich talabalarini hayotlaridagi muhim sana bilan tabriklab, ularga ilm
yo‘lida omad, izlanish va yuksak marralar tiladi.
Bayramning yana bir muhim jihati — ustoz mehnatining amaliy
e’tirofi bo‘ldi. Universitetda uzoq yillar samarali faoliyat yuritgan 150 nafar
faxriy professor-o‘qituvchi alohida rag‘batlantirildi. Shuningdek,
universitetning 17 nafar xodimi “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan
taqdirlandi.
Bu kun sahnada ikki avlod yonma-yon turdi: ortida katta
ilmiy maktab, tajriba va hayot sabog‘i turgan ustozlar hamda endigina tibbiyot
olamiga qadam qo‘yayotgan yoshlar.
Bir avlod bilim berdi.
Ikkinchi avlod uni davom ettirishga qasamyod qildi.
Ana shu uyg‘unlik tantananing eng katta mazmuniga aylandi.
Zero, universitetning kelajagi zamonaviy binolar yoki yuksak
ko‘rsatkichlardangina iborat emas. Uning eng katta boyligi — ilmli ustoz va
o‘sha ilmni davom ettirishga tayyor shogirddir.
Aziz ustoz va murabbiylar, bayramingiz muborak bo‘lsin! Siz
bergan bilim, tarbiya va mehr kelajak shifokorlarining qo‘lida inson
salomatligiga xizmat qilsin!
Rasmiy sahifalarimiz!