Biz voqealarni shunchaki kuzatmaymiz — tibbiyot ichidan turib hikoya qilamiz.

#DOKTOR_REPORTER_XABAR_BERADIBiz voqealarni shunchaki kuzatmaymiz — tibbiyot ichidan turib hikoya qilamiz.
SHIFOKORGA FAQAT TIBBIY BILIMNING O‘ZI YETADIMI?
Ba’zan tibbiyot talabasi uchun eng kerakli saboq auditoriya yoki laboratoriyada emas, yaxshi bir kitob sahifasida, adib bilan suhbatda ham topiladi.
Bugungi uchrashuv menda aynan shunday fikr qoldirdi.
Turkiyalik taniqli adib Fotih Duman — tarix, ma’naviyat, inson ruhiyati va tasavvufiy tafakkurni badiiy adabiyot bilan uyg‘unlashtirib kelayotgan ijodkor. Uning Ahmad Yassaviy hayotiga bag‘ishlangan “Pîr”, Ayasofiya tarixidan hikoya qiluvchi “Miftah”, shuningdek, “Ene”, “Sır” singari asarlari kitobxonlarga yaxshi tanish.
Bugun ana shunday ijodkor bilan yuzma-yuz suhbatlashish, uning fikrlarini bevosita tinglash va dastxatini olish men uchun oddiy uchrashuvdan ko‘ra kattaroq voqea bo‘ldi.
Adibning bir fikri ayniqsa xotiramda qoldi:
“Bir gul bilan bahor kelmaydi, ammo har bir bahor bir gul bilan boshlanadi”.
Men bu jumlani yoshlar haqida aytilgan juda katta ishonch sifatida qabul qildim.
Chunki katta o‘zgarishlar ham birdaniga yuz bermaydi. Avval kimdir birinchi qadamni qo‘yadi. Kimdir izlanadi. Kimdir boshqalardan farqli fikrlashga jur’at qiladi. Keyin esa bitta “gul” ortidan butun bir bahor keladi.
Bugun O‘zbekistonda ta’lim olayotgan biz — yoshlar uchun ham imkoniyatlar tobora kengaymoqda. Xorijiy olimlar, yozuvchilar va mutaxassislar bilan uchrashish, xalqaro ilmiy maydonga chiqish, yangi bilim va tajribalarni o‘zlashtirish imkoniyati ta’lim muhitining muhim qismiga aylanmoqda.
Men tibbiyot talabasiman. Kelajakda shifokor bo‘lishni istayman. Ammo bugungi uchrashuv menga yana bir narsani eslatdi: yaxshi shifokor bo‘lish uchun faqat tibbiy bilimning o‘zi kamlik qiladi.
Insonni davolashdan oldin uni tushunishni ham o‘rganish kerak. Buning uchun esa kitob, adabiyot, tarix va ma’naviyat bizga juda kerak.
Fotih Duman bilan uchrashuvdan men aynan shu xulosani olib qaytdim.
Dastxat qo‘yilgan kitob esa kutubxonamda qoladi. Ammo adibning bir guli haqidagi o‘sha fikri, nazarimda, ancha uzoq vaqt men bilan birga yuradi.
Balki katta bahorlar haqiqatan ham bittagina guldan boshlanar…
Turg‘unpo‘latova Muqaddam
Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabasi,
“Doktor Reporter” klubi faoli

Rasmiy sahifalarimiz:

Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | Linkedin

Leave a comment