Toshkent davlat tibbiyot universiteti 2-kampusidagi “Ona va bola” xonasi faoliyati

Toshkent davlat tibbiyot universitetining 2-kampusida “Ona va bola” xonasi ochilgan kundan buyon o‘z faoliyatini samarali olib bormoqda. Mazkur xona oila qurgan va farzand tarbiyalayotgan talaba-qizlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan.

O‘qish jarayonida yosh onalar turli qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin. Jumladan, mashg‘ulotlar vaqtida farzandini emizish, unga qarash, parvarish qilish yoki bolani kimga qoldirish masalasi dolzarb bo‘lib qoladi. Ayniqsa, bolaga qarash uchun alohida sharoitning mavjud emasligi talaba-onalar uchun qo‘shimcha qiyinchilik tug‘diradi.
Bugungi kunda “Ona va bola” xonasining tashkil etilishi bilan ushbu muammolarga qulay yechim yaratildi. Xonada onalar va ularning farzandlari uchun zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, talaba-qizlar o‘quv mashg‘ulotlaridan ajralmagan holda farzandlariga g‘amxo‘rlik qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.
Mazkur xona yosh onalarga ta’lim olish va farzand tarbiyasini birgalikda olib borishda katta qulaylik yaratmoqda. Endilikda ular o‘z farzandlari bilan bog‘liq zarur ehtiyojlarni universitet hududining o‘zida hal qilishlari mumkin.
“Ona va bola” xonasining faoliyati universitetda talabalarga, ayniqsa, yosh onalarga bo‘lgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning yorqin namunasi hisoblanadi. Bunday tashabbuslar talaba-qizlarning ta’limni davom ettirishi, kasbiy rivojlanishi hamda oilaviy majburiyatlarini o‘qish bilan muvaffaqiyatli uyg‘unlashtirishiga xizmat qiladi.
Kelgusida ham “Ona va bola” xonasi talaba-onalar uchun zarur va qulay maskan bo‘lib, ularning ta’lim olish jarayonini yanada yengillashtirishga xizmat qiladi.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment