




Kuni kecha Toshkent davlat tibbiyot universitetida Xitoyning GX Foundation jamg‘armasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Toshkent davlat tibbiyot universiteti rahbariyati va GX Foundation o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari, sog‘liqni saqlash, tibbiy ta’lim, tibbiyot kadrlari tayyorlash hamda xalqaro hamkorlik doirasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda GX Foundation raisi Leung Chun-ying, jamg‘arma bosh direktori Prof. Chan Ying-yang (Emily Chan), katta maslahatchilar Lau Chi-tong (Chris Lau) va Dr. Yuen Kee Wang, Markaziy Osiyo bo‘yicha GX Program loyihasi rahbari Sarah Ravneet, shuningdek, jamg‘armaning boshqa mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tomonlar, avvalo, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, tibbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, mutaxassislar tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda zamonaviy tibbiyot yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.
Shuningdek, kelgusida universitet va GX Foundation o‘rtasida qo‘shma tibbiy-ma’rifiy dasturlar, malaka oshirish loyihalari, ilmiy-amaliy tashabbuslar hamda xalqaro tajriba almashinuvini rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
GX Foundation — 2018-yilda Xitoyning Gongkong shahrida tashkil etilgan nodavlat, notijorat gumanitar tashkilot bo‘lib, uning faoliyati, xususan, sog‘liqni saqlash va jamoat salomatligi sohalarida gumanitar yordam ko‘rsatish, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Tashkilot davlat organlari, tibbiyot muassasalari, professional tibbiy jamoalar va mahalliy hamjamiyatlar bilan hamkorlikda turli loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Mazkur uchrashuv Toshkent davlat tibbiyot universitetining xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish, ilg‘or xorijiy tajribani tibbiy ta’lim va amaliyotga jalb etish hamda sog‘liqni saqlash sohasida yangi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | linkedin | Tik Tok