
Toshkent davlat tibbiyot universiteti Menejment, tibbiy biologiya, biotibbiyot muhandisligi va oliy hamshiralik ishi fakultetida «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida sport musobaqalarining fakultet bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Tadbirni fakultet dekani Otajonov Ilhom Otaboyevich ochib berib, ishtirokchilarga omad va muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqalar fakultet talabalari o‘rtasida quyidagi sport turlari bo‘yicha o‘tkazildi:
Mini-futbol;
Voleybol;
Stritbol;
Stol tennisi;
Yengil atletika.
Tadbir davomida fakultetning barcha ta’lim yo‘nalishlari talabalari faol ishtirok etib, o‘zlarining jismoniy tayyorgarligi, sport mahorati, chaqqonligi va jamoaviylik qobiliyatlarini namoyon etdilar.
Mazkur sport musobaqalaridan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda yoshlar orasida do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik muhitini mustahkamlashdan iborat.
«Besh tashabbus olimpiadasi» yoshlarning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarish, ularni jismoniy faollikka undash hamda sog‘lom va faol hayot tarzini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Fakultet bosqichi doirasidagi musobaqalar talabalarda katta qiziqish va ko‘tarinki kayfiyat uyg‘otib, ularning sportga bo‘lgan intilishini yanada oshirdi. Bunday tadbirlar yoshlarning har tomonlama kamol topishi, irodasi va jamoada ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Rasmiy sahifalarimiz!