




#DOKTOR_REPORTER_XABAR_BERADI
Biz voqealarni shunchaki kuzatmaymiz — hayot ichidan turib
hikoya qilamiz!
BIR MAKTUBGA SIG‘GAN
MEHR YOXUD RAQAMLI ASRDA UNUTILMAGAN QADRIYAT
Bugun birgina tugmani bosib, dunyoning narigi chekkasiga
xabar yuborish mumkin. Ammo qo‘lda yozilgan maktubning har bir satrida inson
qalbining harorati bor…
1874-yil 9-oktabr kuni Shveytsariyaning Bern shahrida
Butunjahon pochta ittifoqiga asos solingan. Ana shu tarixiy sana munosabati
bilan har yili 9-oktabr — Butunjahon pochta kuni sifatida nishonlanadi.
Bu yil ham 9–11-oktabr kunlari O‘zbekistonning turli
hududlaridagi pochta markazlarida bayram festivallari, ko‘rgazmalar, qiziqarli
uchrashuvlar va ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Toshkent davlat tibbiyot universitetining «Doktor Reporter»
yoshlar jamoasi ham ushbu tadbirlardan chetda qolmadi.
Yosh reporterlarimiz
Rajabova Lola va Turg‘unpo‘latova Muqaddam Toshkent shahridagi «O‘zbekiston
pochtasi» (UZPOST) markaziga tashrif buyurib, festival tashkilotchilari va pochta
xodimlaridan intervyular oldilar. Pochta xizmatining bugungi faoliyati, uning
insonlar hayotidagi o‘rni hamda bayram tadbirlari haqida qiziqarli
ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Ammo bu safargi reportajning eng ta’sirli jihati boshqa
voqeada edi.
Yoshlarimiz o‘z
yaqinlariga maktub yozdilar!
Festival doirasida tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan
bepul maktub jo‘natish imkoniyatidan foydalanib, ular ham qog‘ozga dil
so‘zlarini bitdilar.
Bir tasavvur qiling: har kuni telefon orqali yuzlab xabar almashadigan
avlod vakillari bu safar qo‘llariga ruchka olib, yaqinlariga maktub
yozishmoqda.
Bu oddiy mashg‘ulot emas. Bu — unutilib borayotgan go‘zal
bir an’ana bilan qayta uchrashuv.
Axir elektron xabar bir zumda manzilga yetadi. Qo‘lda
yozilgan maktub esa o‘z manziliga yetguncha sog‘inch, intiqlik va mehrni ham
o‘zi bilan olib boradi.
Telefonimizdagi xabarlar orasidan kechagisini topolmay
qolishimiz mumkin. Ammo yillar avval yozilgan bir maktubni umr bo‘yi asrab
yuramiz.
Bo‘lajak shifokorlarimiz uchun bu uchrashuvning yana bir
ma’nosi bor. Tibbiyotda ham texnologiyalar qanchalik rivojlanmasin, insoniy
munosabat, samimiy so‘z va mehrning ўрнини ҳеч нарса боса олмайди.
#Doktor_reporter klubi faollari:
Turg’unpo’latova
Muqaddam
Rajabova Lola
Rasmiy sahifalarimiz:
Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | Linkedin