





Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Kelajak soati” rukni doirasida navbatdagi ma’rifat darsi “Odatlar hayotimizni o‘zgartiradi” mavzusida yuksak saviyada tashkil etildi.
Tadbir mehmoni:Bobur Bobomurod — O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir, dotsent.
Ma’rifat darsi davomida kundalik odatlarning inson hayoti, shaxsiy kamoloti, kasbiy muvaffaqiyati va kelajakdagi maqsadlariga erishishdagi o‘rni atroflicha yoritildi. Xususan, vaqtni qadrlash, o‘zini boshqarish, intizom, qat’iyat va muntazam ravishda o‘z ustida ishlashning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirda universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, tibbiyot fanlari doktori, professor T.A. Bobomuratov ham ishtirok etib, yoshlarga o‘zining hayotiy tajribalari, kasbiy faoliyatida orttirgan saboqlari hamda insoniy fazilatlar haqidagi samimiy fikr-mulohazalarini bildirdi. U o‘z chiqishida talaba-yoshlarning bilim olishga intilishi, vaqtni mazmunli o‘tkazishi, o‘z oldiga aniq maqsadlar qo‘yishi va ularga erishish yo‘lida izchil harakat qilishi muhim ekanini ta’kidladi.
Ma’ruza davomida:
vaqtni oqilona taqsimlash va kundalik faoliyatni samarali tashkil etish;
foydali odatlarni shakllantirish va zararli odatlardan voz kechish;
muntazam mehnat, sabr-toqat va intizom orqali yuksak natijalarga erishish;
sog‘lom turmush tarzi, jismoniy faollik va shaxsiy rivojlanishning ahamiyati;
moliyaviy savodxonlik, mas’uliyatli qaror qabul qilish va kelajakni rejalashtirish masalalari keng yoritildi.
Shuningdek, professional sportchilar, xalqaro grossmeysterlar va taniqli olimlarning hayotiy tajribalari misolida katta yutuqlar ortida muntazam mehnat, izchillik va kundalik odatlar muhim o‘rin tutishi tushuntirildi.
Dars davomida mavzuga oid videomateriallar namoyish etilib, talabalar bilan fikr almashildi. Interaktiv topshiriqlar orqali yoshlarga o‘z kelajak maqsadlarini belgilash, ularga erishishga to‘sqinlik qilayotgan odatlarni aniqlash va ijobiy o‘zgarishlarni kichik qadamlardan boshlash tavsiya etildi.
Mazkur ma’rifat darsi talaba-yoshlarning shaxsiy rivojlanishiga ko‘maklashish, ularda intizom, mas’uliyat, qat’iyat va o‘z kelajagiga ongli munosabatni mustahkamlash, shuningdek, ularni muntazam bilim olish va o‘z ustida ishlashga rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Zero, bugungi odatlarimiz ertangi kunimizni belgilaydi!Rasmiy sahifalarimiz:Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | LinkedIn