ONA TILIGA EHTIROM — MILLATGA EHTIROM

13-oktyabr 2026-yil. O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini yanada oshirish, uning sofligini asrash, yozma va og‘zaki nutq madaniyatini yuksaltirish hamda davlat tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborni kuchaytirish maqsadida Stomatologiya hududida faoliyat yuritayotgan tyutorlar o‘rtasida “Ona tilim — g‘ururim” mavzusida diktant tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-308-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida o‘tkazildi. Qarorda davlat tilining sofligini saqlash, lug‘at boyligini oshirish, ta’lim va ilm-fan sohalarida uning nufuzini yuksaltirish kabi muhim vazifalar belgilangan.

Diktant davomida tyutorlarning imlo savodxonligi, tinish belgilaridan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalari hamda yozma nutq madaniyatiga e’tibor qaratildi. Shuningdek, ona tilining tarixiy ildizlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashdagi o‘rni va uni kelajak avlodga munosib yetkazish mas’uliyati haqida fikr yuritildi.
Tyutorlar yoshlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladigan, ularning ma’naviy kamoloti va dunyoqarashi shakllanishiga hissa qo‘shadigan mas’ul xodimlardir. Shu bois ularning savodxonligi, nutq madaniyati va davlat tiliga hurmati talabalarga namuna bo‘lishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ona tiliga hurmat — milliy o‘zlikka hurmat, tilni asrash esa kelajak oldidagi mas’uliyatdir. Bunday ma’rifiy tadbirlar davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, xodimlarning savodxonligini oshirish va o‘zbek tilining jamiyatdagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment