Toshkent davlat tibbiyot universitetida germaniyalik ekspertlar ishtirokida ilmiy-amaliy uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi

2026-yil 19-oktabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida Germaniyaning Witten/Herdecke universiteti Parodontologiya kafedrasi mudiri, professor Anton Fridman hamda doktor Aziza Fridman ishtirokida uchrashuv va ilmiy-amaliy ma’ruzalar tashkil etildi.
Germaniyalik ekspertlar Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori professor Sh.Boymuradov bilan uchrashib, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv davomida tomonlar stomatologiya sohasida ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, zamonaviy ta’lim yondashuvlarini joriy etish, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik almashinuv imkoniyatlarini kengaytirish hamda istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashdilar.
Shuningdek, mehmonlar universitetning ta’lim va ilmiy faoliyati, mavjud imkoniyatlari hamda tibbiyot yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif doirasida universitetning Stomatologik kasalliklar profilaktikasi kafedrasi tomonidan ilmiy-amaliy ma’ruzalar va amaliy dars ham tashkil etildi. Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor, professor F. L. Azizova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida bunday uchrashuvlar ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Professor Anton Fridman zamonaviy parodontologiyaning dolzarb yo‘nalishlari, parodontitni davolashning samarali usullari hamda tabiiy tishlarni saqlab qolishga qaratilgan zamonaviy yondashuvlar haqida ma’ruza qildi.
Doktor Aziza Fridman esa stomatologik amaliyotda uchraydigan murakkab klinik vaziyatlar va tibbiy gipnozning davolash jarayonidagi o‘rni xususida o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’ruzalar davomida ishtirokchilar zamonaviy klinik yondashuvlar, amaliy tajribalar va stomatologiya sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashish imkoniga ega bo‘ldilar.
Mazkur tashrif Toshkent davlat tibbiyot universitetining xalqaro aloqalarini rivojlantirish, ta’lim va ilm-fan integratsiyasini kuchaytirish, shuningdek, stomatologiya sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘quv va klinik amaliyotga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti matbuot xizmati

Rasmiy sahifalarimiz:

Telegram | Facebook | Instagram | YouTube | X | LinkedIn

Leave a comment