Toshkent davlat tibbiyot universiteti Ijtimoiy fanlar kafedrasida 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan talabalarga “Til – qadri, el – qadri, inson – qadri”

mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza tashkil etildi.

Tadbir davomida o‘zbek tilining milliy o‘zligimiz, ma’naviyatimiz va madaniyatimizni ifodalovchi bebaho qadriyat ekanligi alohida ta’kidlandi. Ona tilimiz xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’analarini o‘zida mujassam etgan muqaddas boylik ekani qayd etildi.

Ma’ruzada 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgani, ushbu tarixiy voqeaning xalqimiz hayotidagi ahamiyati hamda mustaqillik yillarida ona tilimizning nufuzi va mavqeini yanada yuksaltirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida talabalarga batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, yosh avlod qalbida ona tiliga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini shakllantirish, adabiy til me’yorlariga rioya qilish, nutq madaniyatini yuksaltirish hamda o‘zbek tilining sofligini asrash har bir fuqaroning muhim burchi ekanligi ta’kidlandi. Ayniqsa, bo‘lajak tibbiyot mutaxassislari uchun bemorlar bilan samimiy, ravon va tushunarli muloqot qilish, inson qadr-qimmatini hurmat qilishda til madaniyatining o‘rni katta ekanligi alohida e’tirof etildi.

Tadbir yakunida talabalarga ona tilimizni asrab-avaylash, uning boy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, milliy qadriyatlarimizni e’zozlash va kelajak avlodga yetkazish zarurligi uqtirildi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talabalarning milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamlash, ona tiliga bo‘lgan hurmatini oshirish hamda ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qildi.

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment