








Vatanga muhabbat — qalbdagi eng ulug‘ tuyg‘u, unga sadoqat esa mardlik va fidoyilikning yorqin ifodasidir. Zero, yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi va Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilish har bir inson uchun sharafli burchdir. Harbiy xizmatni o‘tab, hayotiy tajriba, intizom va mas’uliyat tuyg‘ularini o‘zida mujassam etgan yoshlar ana shu ezgu fazilatlarning munosib namunasidir.
2026-yil 27-oktabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti 2-stomatologiya fakultetining harbiy xizmatni o‘tab qaytgan 3-kurs talabalari ishtirokida “Mard o‘g‘lon — Vatan tayanchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘usini yanada yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizga hurmatni mustahkamlash, ularda mardlik, jasorat, fidoyilik va yuksak mas’uliyat kabi fazilatlarni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Davra suhbatini fakultet dekanining yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari K.D. Alimova kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida Vatanga sadoqat, yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilish hamda yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashning muhim ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Shundan so‘ng, universitet profilaktika inspektori V.T. Qutbonov so‘zga chiqib, Vatan ravnaqi, yurt tinchligi va xalq farovonligi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatish har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, harbiy xizmat davomida shakllanadigan intizom, matonat, jamoaviylik va mas’uliyat tuyg‘ularining yoshlar hayotidagi o‘rni haqida fikr yuritdi.
Tadbirga alohida ruh va ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlagan jihatlardan biri — talabalarning Vatanga bag‘ishlangan she’r va qo‘shiqlari bo‘ldi. Jarangdor satrlarda ona yurtga muhabbat, milliy g‘urur, mardlik va sadoqat tuyg‘ulari tarannum etildi. Vatan haqidagi she’rlar va kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarning qalbida faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otib, tadbirning ma’naviy mazmunini yanada boyitdi.
Davra suhbati davomida harbiy xizmatni o‘tab qaytgan talabalarning hayotiy tajribalari, xizmat davomida orttirgan ko‘nikmalari hamda Vatanga xizmat qilish borasidagi qarashlariga ham e’tibor qaratildi. Samimiy muloqot va mazmunli chiqishlar yoshlarni o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yishga, puxta bilim olishga, kasbiy mahoratini oshirishga hamda jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur his etishga undadi.
Mardlik — faqat jasorat ko‘rsatish emas, balki o‘z burchiga sodiq qolish, qiyinchiliklar qarshisida matonatli bo‘lish va Vatan manfaatlarini hamisha ustun qo‘yishdir.
Bugungi bilimli, intizomli va vatanparvar yoshlar yurtimizning ishonchli tayanchi, ertangi kunimizning bunyodkorlaridir.
Zero, Vatanga sadoqat qalbdagi g‘ururda, mardlik amaldagi jasoratda, fidoyilik esa el-yurtga sidqidildan xizmat qilishda namoyon bo‘ladi. Vatan ravnaqi yo‘lida kamol topayotgan mard o‘g‘lonlarimizning ezgu intilishlari yurtimiz kelajagiga bo‘lgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi!
Rasmiy sahifalarimiz!