Tibbiyot sohasiga qiziquvchi yoshlar Toshkent davlat tibbiyot universitetining Simulyatsion markazi va muzeyida

Toshkent davlat tibbiyot universitetining Akademik litsey va texnikumlarga metodik yordam ko‘rsatish bo‘limi tomonidan tibbiyot sohasiga qiziquvchi o‘quvchi-yoshlarning kasbiy bilim va tasavvurlarini kengaytirish, ularni kelajakdagi kasbiga yo‘naltirish maqsadida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tashrif tashkil etildi.

Bugun universitetga 2-Respublika Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumining 20 nafar o‘quvchisi tashrif buyurdi.

Tashrif davomida o‘quvchilar universitetning zamonaviy Simulyatsion markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universiteti muzeyi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga universitetning boy tarixi, shakllanish va rivojlanish bosqichlari, shuningdek, tibbiyot ta’limi va ilm-fani yo‘nalishida erishilgan muhim yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Muzey ekspozitsiyasidan o‘rin olgan tarixiy hujjatlar, noyob eksponatlar hamda tibbiyot tarixiga oid qadimiy ashyolar o‘quvchilarda katta qiziqish va taassurot uyg‘otdi. Mazkur tashrif yoshlarning nafaqat tibbiyot tarixiga bo‘lgan qiziqishini oshirdi, balki ularda ilm-fanga intilish, izlanish va yangilikka bo‘lgan ishtiyoqni yanada mustahkamladi.
Shuningdek, kelajakda shifokor bo‘lishni maqsad qilgan yoshlarga universitetda talabalar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, zamonaviy ta’lim sharoitlari, amaliy mashg‘ulotlar hamda kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish jarayonlari haqida atroflicha tushunchalar berildi.
Tashrif doirasida “Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi” kafedrasi dotsenti B.B. Ortiqov ishtirokida kasbga yo‘naltirish mavzusida davra suhbati ham tashkil etildi. Suhbat davomida o‘quvchilar tibbiyot kasbining mas’uliyati, shifokorlik faoliyatining o‘ziga xos jihatlari hamda ushbu sharafli kasbni egallash uchun zarur bo‘lgan bilim va fazilatlar haqida qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Bunday mazmunli uchrashuv va tanishuvlar yosh avlodning kasbiy tanlovida muhim o‘rin tutib, ularni tibbiyot sohasida chuqur bilim olishga, izlanishga va kelajakda malakali mutaxassis bo‘lib yetishishga undaydi.
Zero, bugungi qiziquvchan va izlanuvchan yoshlar — ertangi kunning bilimli, fidoyi va malakali shifokorlaridir!

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment