Talaba bo‘lish — sharaf va yuksak mas’uliyat!

9-noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida navbatdagi “Ma’rifat darsi” bo‘lib o‘tdi.

Darsda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, tarix fanlari professori A.A. Mavrulov mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, dolzarb ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy jarayonlar, davlatimiz rahbarining so‘nggi uchrashuv va tashriflari haqida talabalarga batafsil ma’lumot berdi.

Xususan, xorijda ishlash istagidagi fuqarolarni kasb va chet tillariga tayyorlash, mehnat migratsiyasi tizimini takomillashtirish, Buxoro viloyatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalar hamda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sun’iy intellekt xavfsizligiga oid uchrashuvi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Shundan so‘ng, universitetning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori, professor T.A. Bobomuratov “Talaba bo‘lish — sharaf va yuksak mas’uliyat” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada talabalik davrining inson hayotidagi beqiyos o‘rni, yoshlarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi mas’uliyati, puxta bilim olish, tanlagan kasbini chuqur egallash, vatanparvarlik, mustaqil fikrlash va akademik halollik kabi muhim fazilatlar haqida so‘z yuritildi.
Ma’ruza yakunida mavzu yuzasidan talabalar o‘rtasida test sinovi tashkil etildi. Test orqali talabalarning mashg‘ulot davomida olgan bilimlari va mavzuni o‘zlashtirish darajasi sinovdan o‘tkazildi.
Zero, talabalik — nafaqat bilim olish, balki kelajak uchun yuksak mas’uliyatni his etish davridir!

Rasmiy sahifalarimiz!

Telegram | Facebook | Instagram| YouTube | X | Linkedin

Leave a comment