









18-noyabr kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetining 3-kampusida O‘zbekistonlik mashhur fitnes-trener, motivator va dietolog Axad Xudayarov bilan talabalarning jonli uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv 1-son stomatologiya fakulteti tyutori Mirjamolova Munavvar Abdusamat qizi tashabbusi bilan tashkil etildi. Tadbirdan maqsad — talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularni sport, to‘g‘ri ovqatlanish va o‘z ustida ishlashga ilhomlantirish.
Uchrashuvda Axad Xudayarov o‘zining hayotiy tajribasi va muvaffaqiyat yo‘li haqida so‘zlab berdi. U intizom, irodani toblash, maqsad sari sabr bilan intilish va o‘z sog‘lig‘iga mas’uliyat bilan qarash har bir yosh uchun eng muhim fazilatlar ekanini ta’kidladi. Ayniqsa, bo‘lajak shifokorlar avvalo o‘zlari sog‘lom turmush tarziga amal qilib, jamiyatga ibrat bo‘lishlari lozimligini alohida qayd etdi.
Suhbat qizg‘in va samimiy ruhda davom etdi. Talabalar Temirov Asilbek, Almamatova Shahrizoda va Shukrullayev Shahzod mehmonga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Berilgan savollarga hayotiy misollar asosida batafsil javoblar qaytarildi.
Uchrashuv davomida talabalar sog‘lom turmush tarzi, kasbga sadoqat, sog‘lom tana va to‘g‘ri ovqatlanish, motivatsiya va o‘z ustida ishlash kabi mavzularda o‘zlari uchun ko‘plab foydali insaytlar olishdi.
Mazkur jonli uchrashuv talabalarning sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni sport va o‘z-o‘zini rivojlantirishga undash hamda kasbiy va shaxsiy maqsadlari sari ilhomlantirishga xizmat qildi.
Sog‘lom hayot — bahordir!#TDTU#1stomatologiya#Kelajak_soati#SogʻlomTurmushTarzi
Rasmiy sahifalarimiz!