Hay’at yig‘ilishi: Sohadagi dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilindi

#SarhisobHay’at yig‘ilishi: Sohadagi dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilindi

Sog‘liqni saqlash vazirligining Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov olib bordi.

Dastlab davlatimiz rahbarining joriy yil 27-oktabr kuni sog‘liqni saqlash va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuvida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi tahlil qilindi.
Xususan, sohaga investitsiya va grant mablag‘larini yo‘naltirish, bu bo‘yicha yo‘l xaritalarini tasdiqlash, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandosh shifokorlarni yurtimizga qaytarish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, kelgusi yilda sohaga 2 milliard dollarlik investitsiya va grant mablag‘larini jalb qilish rejalashtirilgan. Vazir ushbu maqsadga erishish uchun hududiy mas’ullar har bir loyiha kesimida puxta takliflar va amaliy choralarni ishlab chiqishi lozimligini ta’kidladi.

— Muhtaram Prezidentimiz tomonidan soha oldiga juda katta vazifalar qo‘yildi. Bu topshiriqlarning har biri bo‘yicha aniq reja, manzilli dastur va amaliy natija bo‘lishi shart. Bunda har bir rahbar belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi, — dedi vazir.

Shuningdek, yig‘ilishda 26 ta ixtisoslashtirilgan markaz faoliyatini yangi tizim asosida takomillashtirish, rahbarlar zimmasiga tegishli majburiyatlar yuklash, sohada ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda birlamchi bo‘g‘indagi tibbiyot xodimlarini maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Vazir bu masalada so‘z yuritar ekan, ayrim rahbarlarning ishga yondashuvini keskin tanqid qildi.
Shundan so‘ng 2027–2033-yillarga mo‘ljallangan Yadro va radiatsion tibbiyotni rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash yuzasidan fikr almashildi. Tadbirda ushbu loyiha aholiga yadro va radiatsion tibbiy xizmatlardan yanada kengroq foydalanish imkonini berishi ta’kidlandi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala bo‘yicha vazirning birinchi o‘rinbosari Otabek Imamov ma’ruza qildi. Unda dastlab Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturining ijrosi atroflicha tahlil qilindi. Xususan, tibbiyot muassasalarida bu borada aniqlangan kamchiliklar, bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatishdagi muammolar jiddiy tanqid ostiga olindi.
Qolaversa, orfan kasalliklariga chalingan bemorlarning dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash, bu jarayonni tizimli tashkil qilish, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining yangi modelini joriy etish kabi qator vazifalar ham muhokama qilinib, bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘ygan rahbarlarga intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Yig‘ilishda sanitariya-epidemiologiya tekshiruvlari, sohaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, sohani raqamlashtirish, davlat tibbiy sug‘urtasi, ijro intizomi hamda aholi murojaatlari kabi qator yo‘nalishlardagi ishlar sarhisob qilindi.
Bundan tashqari, sohada korrupsiyaning oldini olish borasida o‘tkazilgan o‘rganish tadbirlari hamda onalik va bolalikni muhofaza qilish borasidagi ishlar tanqidiy tahlil etilib, joylardagi ayrim rahbarlarning bu boradagi faoliyatiga salbiy baho berildi.
Yakunda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, korrupsiyaviy holatlarga qarshi murosasiz kurashish, onalar va bolalar salomatligini asrash, DMED tizimini takomillashtirish, soha xodimlarining muomala madaniyatini yuksaltirish, shuningdek tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash hamda mavjud uskunalardan samarali foydalanish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.SSV Matbuot xizmati. Web-siteTelegramFbInstagramLinkedin

Leave a comment