🔺 2026-yil 12-14 mart kunlari Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida bo’lib o’tgan sog‘liqni saqlash tizimida simulyatsion ta’limni rivojlantirishga bag‘ishlangan “SIMULCON 2026” xalqaro konferensiyasi yuqori saviyada tashkil etilib, o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi.
🔹 Mazkur nufuzli anjumanda Sog’liqni saqlash vazirligi va Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari, Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori, professor Shuxrat Boymuradov, xorijiy va mahalliy ekspertlar, soha mutaxassislari, magistrantlar, klinik ordinatorlar hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etdi.
🔺Konferensiya doirasida sog‘liqni saqlash tizimi va tibbiyot ta’limini rivojlantirishning dolzarb yo‘nalishlari yuzasidan keng qamrovli fikr almashinuvi amalga oshirildi.
🔹Tadbir davomida tibbiyot ta’limida zamonaviy simulyatsion texnologiyalarni joriy etish, klinik ko‘nikmalarni shakllantirishning innovatsion yondashuvlari, amaliy mashg‘ulotlar samaradorligini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va tatbiq etishga qaratilgan ma’ruzalar, panel muhokamalar va amaliy sessiyalar tashkil etildi. Ishtirokchilar tomonidan simulyatsion ta’limning tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashdagi ahamiyati, bemor xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni hamda zamonaviy ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
🔺Shuningdek, konferensiya doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda tibbiyot ta’limida innovatsion metodlarni joriy etish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab olindi. Xorijiy ekspertlar tomonidan ilg‘or tajribalar taqdim etilib, o‘zaro tajriba almashish uchun samarali platforma yaratildi.
🔹“SIMULCON 2026” xalqaro konferensiyasi tibbiyot ta’limi sifatini yangi bosqichga olib chiqish, simulyatsion markazlar faoliyatini takomillashtirish hamda xalqaro ilmiy-akademik aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi. Mazkur anjuman natijalari sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.






