🔺Toshkent davlat tibbiyot universiteti Epidemiologiya kafedrasi professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan 2026-yil 18-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 6-martdagi PQ-82-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.
🔺Mazkur tadbirda kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar faol ishtirok etib, Navro‘z bayramining tarixiy ildizlari, milliy qadriyatlarimizdagi o‘rni va ma’naviy ahamiyati keng yoritildi. Tadbir doirasida talabalar tomonidan tayyorlangan “Navro‘z nashidasi”, “Navro‘zning kelib chiqish tarixi va xalq an’analari” mavzusidagi chiqishlar, shuningdek, mavzuga oid adabiyotlar ko‘rgazmasi sharhi namoyish etildi.
🔺Shuningdek, talaba-yoshlar o‘rtasida “Navro‘z – shoirlarimiz nazmida” mavzusida mushoira va bahs-munozaralar tashkil etilib, ishtirokchilar o‘z ijodiy salohiyatlarini namoyon etdilar. Bayram tadbiri davomida Navro‘zni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilib, tadbirga ko‘tarinki ruh bag‘ishlandi.
🔺Tadbir yakunida universitet rahbariyati tomonidan faol va iqtidorli talabalarga Toshkent davlat tibbiyot universitetining maxsus esdalik sovg‘alari topshirildi.
🔺Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir talaba-yoshlar ongida milliy qadriyatlarga hurmat, tarixiy merosga sadoqat hamda ezgulik, bag‘rikenglik va hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilib, barcha ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.


