🔺Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Rektor va yoshlar uchrashuvi” doirasida o‘zlashtirishi sust bo‘lgan talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Mazkur uchrashuv talabalarning ta’lim jarayonidagi muammolarini aniqlash, ularning o‘qish samaradorligini oshirish hamda ota-onalar bilan hamkorlikni mustahkamlashga qaratildi.
🔺Uchrashuv davomida universitet rektori tomonidan talabalar bilan bevosita suhbat olib borilib, ularning o‘zlashtirish darajasiga ta’sir etayotgan omillar atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, ota-onalarning fikr-mulohazalari tinglanib, ta’lim jarayonida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning sabablari muhokama qilindi.
🔺Muloqot jarayonida har bir talaba kesimida mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi. Tegishli mas’ul xodimlarga talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ularga individual yondashuvni kuchaytirish hamda zarur metodik va psixologik yordam ko‘rsatish yuzasidan topshiriqlar berildi.
🔺Mazkur uchrashuv ta’lim sifatini oshirish, talabalar o‘zlashtirishini yaxshilash hamda ota-onalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.


