🔺Mamlakatimizda olib borilayotgan izchil islohotlar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan uzoqni ko‘zlagan va puxta o‘ylangan siyosat natijasida aholi salomatligini mustahkamlash hamda turmush darajasini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan yangilanishlar tibbiy xizmatlar sifati va qamrovining sezilarli darajada oshishiga xizmat qilmoqda.
🔺Aholiga sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatish, kasalliklarni erta aniqlash hamda profilaktik choralarni kuchaytirish bugungi kun sog‘liqni saqlash tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda hududlarda keng qamrovli amaliy tadbirlar izchil amalga oshirildi.
🔺O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi F–22-son Farmoni hamda “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi doirasida, Toshkent davlat tibbiyot universiteti tomonidan tashkil etilayotgan bepul tibbiy ko‘rik aksiyasi Toshkent shahar Olmazor tumanida davom etdi.
🔺Mazkur aksiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magida, Olmazor tumani sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgik angionevrologiya markazi hamda Toshkent davlat tibbiyot universitetining ko‘p tarmoqli klinikasi malakali professor-shifokorlari ishtirokida amalga oshirildi.
🔺Tibbiy ko‘riklar tumandagi 14-, 15- va 63-son oilaviy poliklinikalarda tashkil etilib, aholining yurak-qon tomir, bosh miya qon aylanishi buzilishlari, ko‘z, jarrohlik, endokrin tizim hamda bolalar kasalliklarini erta bosqichda aniqlashga qaratilgan chuqurlashtirilgan tekshiruvlar o‘tkazildi.
🔺Jarayon davomida fuqarolar malakali mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur hollarda joyida amaliy yordam ko‘rsatilmoqda hamda keyingi davolanish bo‘yicha aniq tavsiyalar berilmoqda. Bu esa kasalliklarning oldini olish va aholining salomatligini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
🔺Shuningdek, tadbir doirasida aholi va birlamchi bo‘g‘in tibbiyot xodimlari uchun sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, kasalliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tushuntirish ishlari hamda seminar-treninglar tashkil etildi.
🔺Mazkur tashabbus Toshkent davlat tibbiyot universiteti tomonidan amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning amaliy ifodasi bo‘lib, aholi salomatligini mustahkamlash va zamonaviy tibbiy xizmatlarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi






