Toshkent davlat tibbiyot universitetida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda talabalar almashinuvini kengaytirish maqsadida akademik mobillik dasturlari izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbuslar doirasida Koreya Respublikasining Daegu Haany Universiteti talabalari universitetda tashkil etilgan “Spring School” dasturida ishtirok etmoqdalar.
Dastur doirasida xorijiy talabalar uchun Toshkent davlat tibbiyot universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan xalq tabobati, manual terapiya hamda reabilitatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha nazariy ma’ruzalar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulotlar talabalarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, zamonaviy va an’anaviy tibbiyot yondashuvlarini uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.
Ta’kidlash joizki, “Spring School” dasturi doirasida o‘tkazilayotgan bunday mashg‘ulotlar xalqaro tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish hamda talabalarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Toshkent davlat tibbiyot universiteti kelgusida ham xalqaro ta’lim dasturlarini kengaytirish va xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlikni rivojlantirishni davom ettiradi.

