🔺Oliy ta’lim muassasasiga kirish yosh inson hayotidagi muhim bosqichlardan biridir. Biroq talabaning yangi akademik muhitga moslashuvi, ayniqsa boshqa mamlakatdagi oliygohda tahsil olayotgan talabalar uchun jiddiy qiyinchiliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Chunki bunda nafaqat universitetning akademik muhitiga, balki mezbon mamlakatning ijtimoiy-madaniy muhiti va mahalliy jamiyatiga ham moslashish talab etiladi.Pedagogika va psixologiya kafedrasi qoshida professor Kamilova Nadira G‘ayratovna rahbarligida xorijiy talabalar ijtimoiy-psixologik moslashuvini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Xalqaro Tibbiy-Psixologik Klub”i faoliyatiga start berildi. Kafedra o‘qituvchilari Islambekova Zuhra Imamaliyevna va Xo‘jaxonova Maftuna Toxir qizi, hamda 2-davolash fakulteti 2-bosqich volontyor talabalari ishtirokida tashkil etilgan mazkur klub doirasida talabalar ikki xalqning madaniyati, urf-odatlari, milliy taomlari, tarixi va geografik xususiyatlari, ijtimoiy-huquqiy me’yorlari hamda mental xususiyatlari bilan yaqindan tanishmoqdalar.Xorijiy talabalarni klub faoliyatiga qo‘shilishga, tadbirlarda ishtirok etishga va o‘z tashabbuslarini ilgari surishga taklif etamiz. Ayniqsa, chet tillarini biladigan, volontyorlik, ma’rifiy va madaniyatlararo faoliyatga qiziqadigan faol va tashabbuskor talabalarni hamkorlikka hamda klubning samarali faoliyatida ishtirok etishga chorlaymiz.
🔺“Teng – tengga” – bu nafaqat klub faoliyatining tamoyili, balki do‘stlik, qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro o‘rganish va kasbiy rivojlanish makoni hamdir.


