🔺Toshkent davlat tibbiyot universiteti Ijtimoiy fanlar, pedagogika va psixologiya kafedrasi tashabbusi bilan bir guruh talabalarning Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasi hamda Xotira maydoniga ma’naviy-ma’rifiy tashrifi tashkil etildi.
🔺Tashrif davomida talabalar Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasidagi tarixiy eksponatlar, hujjatlar va yodgorliklar bilan yaqindan tanishdilar. Ularga mustabid tuzum davrida xalqimiz boshidan kechirgan sinovlar, millat fidoyilarining mashaqqatli hayoti hamda yurt ozodligi yo‘lida ko‘rsatgan jasoratlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Talabalar ushbu maskanga tashrif davomida xalqimizning og‘ir va murakkab tarixiy davrlari, istiqlolning qadr-qimmati hamda tinchlik va osoyishtalikning naqadar bebaho ne’mat ekanini chuqur his etdilar.
🔺Shuningdek, Xotira maydonida talaba-yoshlar Vatan himoyasi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlar xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Tadbir davomida Y. Jabbarova tomonidan yoshlarga tarixiy xotirani asrash, ajdodlar merosini qadrlash hamda yurt ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shish har bir fuqaroning sharafli burchi ekani alohida ta’kidlandi.
🔺Bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat, fidoyilik va daxldorlik hissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.


