Toshkent davlat tibbiyot universiteti Tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi fakulteti tashabbusi hamda Profi universiteti bilan hamkorlikda 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan talaba-yoshlar o‘rtasida shaxmat bo‘yicha blits (5+3) turniri tashkil etildi.

2026-yil 5-may kuni Profi universitetining Beruniy kampusida o‘tkazilgan mazkur turnir talabalarning intellektual salohiyatini rivojlantirish, strategik fikrlash ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga qaratildi. Shu bilan birga, tadbir yoshlar ongida tarixiy xotirani mustahkamlash, ajdodlar jasorati va fidoyiligiga hurmat ruhini yuksaltirishga xizmat qiluvchi muhim ma’naviy-ma’rifiy platforma sifatida namoyon bo‘ldi.

Turnir bahslari shveytsarcha tizim asosida yuqori saviyada tashkil etilib, musobaqaning shaffof va adolatli o‘tishi ta’minlandi. Ishtirokchilar o‘zlarining mantiqiy tafakkuri, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati hamda stressga bardoshliligini amalda namoyish etdilar. Blits formatining dinamikligi esa musobaqaga alohida qiziqarli ruh bag‘ishladi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti Tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi fakultetining S24-02A guruh talabasi G‘ulom Alimardonov faxrli 1-o‘rinni egalladi. Qizlar o‘rtasida esa Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti talabasi Kilichova Farangizxon g‘olib deb topildi.
G‘oliblarning yuqori darajadagi mantiqiy yondashuvi, tezkor o‘yin uslubi hamda bir vaqtning o‘zida 10 ta doskada o‘yin seansi o‘tkazish kabi mahorati ishtirokchilar tomonidan alohida e’tirof etildi. Shuningdek, Toshkent davlat tibbiyot universiteti talaba-qizlari ham faol ishtirok etib, muhim amaliy tajriba orttirdilar.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi, barcha ishtirokchilarga esa faol ishtiroki uchun sertifikatlar topshirildi.
Mazkur shaxmat turniri ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi ilmiy-ma’naviy hamkorlikni mustahkamlash, talabalarning intellektual salohiyatini oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Turnir bosh hakami: Bolalar, o‘smirlar va ovqatlanish gigiyenasi kafedrasi assistenti, mustaqil izlanuvchi (PhD) Eshkuvatov Komil Ruziboyevich.

Leave a comment