O’tgan hafta Toshkent davlat tibbiyot universitetida bo’lib o’tgan tadbir men uchun oddiy ma’naviy uchrashuv emas, balki o’tmish va hozirgi zamon o’rtasidagi jonli muloqot bo’ldi.

“Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ishtirok etar ekanman, bir haqiqatni yana bir bor his etdim: biz o‘rganayotgan ilm — bu faqat bugunning emas, balki kecha jon fido qilgan insonlar merosidir.
Tadbirni ochib bergan professor Baxtiyor O‘ktamovich Irisqulov jadidchilik harakatining xalqimiz ma’naviyati va mustaqil davlatchilik tarixidagi o‘rni haqida so‘z yuritdilar. Ustozning har bir fikri qalbga og‘ir, ammo zarur savolni qo‘yar edi:
Biz ular boshlagan yo‘lga munosib davomchi bo‘la olyapmizmi?
Jadid bobolarimizning ilm yo‘lidagi jasorati, millat uchun qilgan xizmatlari haqidagi chiqishlar meni o‘yga toldirdi. Chunki ular uchun ilm — kasb emas, vatan taqdiri edi.
🟢 Men, “Doktor reporter” klubi a’zosi sifatida, bu tadbirga faqat tinglovchi emas, balki izlanuvchi nigoh bilan qaradim. Biz bugun mikrofon tutib, savol beramiz, maqola yozamiz. Ammo jadidlar bizga undan ham katta mas’uliyatni meros qilib qoldirgan:
fikr aytish jasorati va jamiyat oldidagi burchni his qilish.
Xotira kuni yaqinlashar ekan, bu uchrashuv men uchun yanada chuqur ma’no kasb etdi. Chunki xotira — bu faqat o‘tmishni eslash emas, balki uning oldidagi qarzni his qilishdir.
Bugun biz shifokor bo‘lish yo‘lida turibmiz. Demak, ertaga inson hayoti uchun javobgarmiz. Jadidlar esa bizga yana bir saboq bermoqda:
ilm — mas’uliyat, ilm — jasorat, ilm — xizmat.
Men shuni angladimki:
agar biz ularni faqat eslasak — bu xotira.
agar ular yo‘lini davom ettirsak — bu vorislik.
“Doktor reporter” klubi a’zosi
Mamasoatov Ozodbek Shamsiddin o‘g‘li

Leave a comment