Toshkent davlat tibbiyot universiteti vakillari tomonidan Jizzaxda ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi

🔹Toshkent davlat tibbiyot universitetining “Nevrologiya, bolalar nevrologiyasi va tibbiy genetika” kafedrasi tibbiyot fanlari doktori, dotsent Ergasheva Nargiza Nasriddinovna hamda PhD, dotsent Kim Olga Vladislavovna universitetlararo hamkorlik rejasi asosida 2026-yil 27-mart kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Jizzax jamoat salomatligi texnikumiga tashrif buyurdilar.

🔺Tashrif doirasida texnikumning “Terapiyada hamshiralik ishi” kafedrasi bilan hamkorlikda dolzarb tibbiy mavzularga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi. Seminar davomida mutaxassislar tomonidan “Neyrorevmatizm: klinik kechuvi, tashxislash va profilaktika” hamda “Epilepsiya: klinik belgilari va birinchi yordam ko‘rsatish” mavzularida mazmunli ma’ruzalar taqdim etildi.

🔹Ma’ruzalar jarayonida kasalliklarning zamonaviy tashxislash usullari, klinik jihatlari, asoratlarning oldini olish hamda favqulodda holatlarda to‘g‘ri va tezkor birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi. Ayniqsa, amaliy yondashuvlar va real klinik misollar seminar ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.

🔺Seminar yakunida texnikum o‘qituvchilari va talabalari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutaxassislar tomonidan batafsil va asosli javoblar oldilar. Bu esa bilim va tajriba almashinuvi samaradorligini yanada oshirdi.

🔹Mazkur tashrif Toshkent davlat tibbiyot universiteti tomonidan hududiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, tibbiy bilimlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish hamda bo‘lajak tibbiyot xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Leave a comment