Toshkent davlat tibbiyot universiteti bitiruvchi talabalarining Qashqadaryo viloyatida bandligini ta’minlash va kasbiy faoliyatga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi

🔺Toshkent davlat tibbiyot universiteti Qashqadaryo viloyatida bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash, ularni kelgusidagi kasbiy faoliyatga samarali yo‘naltirish hamda hududiy tibbiyot muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida keng qamrovli uchrashuv tashkil etdi.

🔺 Mazkur uchrashuvda universitet tomonidan Qashqadaryo viloyatiga mas’ul etib belgilangan 2-son davolash fakulteti dekani Irnazarov Akmal Abdullaevich, viloyat sog‘liqni saqlash tizimi rahbarlari va mutasaddilari, shuningdek, ish beruvchi tashkilotlar hamda tibbiyot muassasalari vakillari faol ishtirok etdi. Uchrashuv ochiq muloqot va konstruktiv fikr almashuv ruhida o‘tkazilib, tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

🔸 Tadbir davomida Toshkent davlat tibbiyot universitetida tahsil olayotgan qashqadaryolik bitiruvchi talabalarni hududdagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga maqsadli yo‘naltirish, ularni egallagan mutaxassisligiga muvofiq ishga joylashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, yosh mutaxassislarning mehnat faoliyatini muvaffaqiyatli boshlashi uchun zarur tashkiliy va ijtimoiy shart-sharoitlarni yaratish masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

🔸 Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyatida amaliyot o‘tayotgan bitiruvchi talabalar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlar jarayonida talabalarning amaliyot davomida duch kelayotgan muammolari, xususan, ish joyi bilan ta’minlanish, yashash sharoitlari, hujjatlashtirish jarayonlari hamda kelgusidagi kasbiy rejalari atroflicha o‘rganildi. Bildirilgan taklif va muammolar yuzasidan mas’ul tashkilotlar vakillari bilan bevosita fikr almashilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq va amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.

🔺 Mazkur uchrashuv va muloqotlar bitiruvchi yoshlarning mehnat bozoriga moslashuvini ta’minlash, ularni hududlardagi tibbiyot muassasalariga keng jalb etish hamda yuqori malakali kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu tashabbus, o‘z navbatida, Qashqadaryo viloyatida tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Leave a comment