Toshkent davlat tibbiyot universiteti bilan texnikum o‘rtasidagi samarali hamkorlik izchil ravishda davom etib, yoshlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qilmoqda.

🔺 Mazkur hamkorlik doirasida texnikum o‘quvchilari universitetning ko‘p tarmoqli klinikasi ma’ruza zaliga tashrif buyurib, Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari bilan birgalikda o‘quv jarayonida bevosita ishtirok etdilar. Ular dotsent D.B. Pulatova tomonidan o‘qilgan “Homilador va emizikli ayollarda dori vositalarini qo‘llash xususiyatlari” mavzusidagi ochiq ma’ruzada qatnashib, tibbiyot sohasiga oid dolzarb va muhim bilimlarga ega bo‘ldilar. Mazkur ma’ruza o‘quvchilarda oliy tibbiy ta’lim olishga bo‘lgan qiziqish va motivatsiyani yanada oshirdi.

🔺 Ma’ruza yakunida o‘quvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, mutaxassis tomonidan batafsil va asosli javoblar oldilar. Bu esa ularning mavzu yuzasidan bilimlarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

🔺 Shuningdek, tashrif davomida texnikum o‘quvchilari Toshkent davlat tibbiyot universiteti simulyatsion markazida ham bo‘lib, zamonaviy o‘quv-amaliy sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. U yerda ularga turli kasalliklar va shoshilinch holatlarda bemorlarga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish usullari amaliy tarzda namoyish etildi. O‘quvchilar simulyatsion jarrohlik mashg‘ulotlarida bevosita qatnashib, o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniga ega bo‘ldilar.

🔺Bundan tashqari, ular pediatriya, ginekologiya hamda umumiy amaliyot shifokorlari uchun mo‘ljallangan maxsus o‘quv xonalarida bo‘lib, o‘quv jarayonining zamonaviy yondashuvlari bilan tanishdilar. Tashrif davomida o‘quvchilar ko‘plab foydali va amaliy ahamiyatga ega bilimlarga ega bo‘ldilar.

🔺Mazkur tashrif yoshlarning tibbiyot sohasiga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, ularni to‘g‘ri kasbiy yo‘naltirish hamda kelajakda malakali mutaxassislar sifatida shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Leave a comment