🔹 2026-yil 7-may kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida xalqaro hamkorlikni kengaytirish doirasida Indoneziyaning yetakchi oliygohlari vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
🔺Uchrashuvda Universitas Muhammadiyah Yogyakarta (UMY), Universitas Muhammadiyah Surakarta (UMS) hamda Universitas Muhammadiyah Purwokerto (UMP) vakillari dan iborat Indoneziyadagi yirik ta’lim tarmog‘i — Muhammadiyah universitetlari delegatsiyasi ishtirok etdi.
🔹 Uchrashuv davomida tomonlar o‘rtasida tibbiy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, akademik almashinuv dasturlari hamda professor-o‘qituvchilar va talabalar mobilligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, malaka oshirish kurslari tashkil etish va tajriba almashish yo‘nalishlarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surildi.
🔺 Shuningdek, mehmonlar Toshkent davlat tibbiyot universitetining o‘quv jarayoni, ilmiy salohiyati hamda zamonaviy infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo’lib, universitetda yaratilgan sharoitlar, xususan, klinik baza va simulyatsion markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
🔹Mazkur uchrashuv xalqaro aloqalarini mustahkamlash, global ta’lim makonida integratsiyani kengaytirish hamda tibbiyot sohasida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.



