Toshkent davlat tibbiyot universiteti 2-son Jamoat salomatligi va sog‘liqni saqlash menejmenti kafedrasi tomonidan hamshiralik kasbining nufuzini oshirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar o‘rtasida tibbiy madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Joriy yilning 8-may kuni kafedra pedagogi Shakirova D.D. tashabbusi bilan Yunusobod tumani Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida talabalar va professor-o‘qituvchilar ishtirokida 12-may — Xalqaro hamshiralar kuni munosabati bilan “Hamshiram — farishtadek beg‘uborim” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Tadbir davomida bugungi kunda hamshiralarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, ularga berilayotgan e’tibor va imtiyozlar, oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan Oliy hamshiralik ishi fakultetlari hamda Hamshiralik akademiyasining tashkil etilishi va rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, hamshiralik sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish, zamonaviy yondashuvlarni joriy etish masalalari ham keng yoritildi.
Mazkur tadbirda talabalarni tayyorlashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan ikki nafar namunali o‘qituvchi alohida e’tirof etilib, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, universitet va texnikum hamkorligida xorijiy ilmiy jurnallarda chop etilgan hammualliflikdagi tezis va maqolalar taqdimoti ham o‘tkazildi.

Ushbu davra suhbati hamshiralik kasbining jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini yanada yuksaltirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rag‘batlantirish hamda aholi uchun sifatli va samarali tibbiy xizmat ko‘rsatishga xizmat qiluvchi muhim amaliy platforma sifatida ahamiyat kasb etdi.

Leave a comment