Joriy yilning 6-fevral kuni Voleybol federatsiyasining Toshkent shahar bo‘limi tashabbusi bilan Olmazor tumanida joylashgan “Shifokor sport” majmuasida Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari o‘rtasida “Universitet kubogi” voleybol musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada universitetning 12 ta fakultetidan bittadan terma jamoa ishtirok etib, o‘zaro murosasiz va qizg‘in bahslarda bellashdilar. Uchrashuvlar davomida jamoalar o‘zlarining kuch-qudrati, texnik mahorati hamda jismoniy tayyorgarligini yuqori saviyada namoyon etdilar.

Musobaqa yakuniy natijalariga ko‘ra:
1-son davolash fakultetining “Liders” jamoasi faxrli 3-o‘rinni,
Xalqaro fakultetning “International” jamoasi 2-o‘rinni,
Pediatriya, stomatologiya, xalq tabobati va tibbiy pedagogika fakultetlarining “Gamlet” jamoasi esa 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Voleybol federatsiyasining Toshkent shahar bo‘limi raisi o‘rinbosari Abdujabbarov Umidjon Luhmanjanovich so‘zga chiqib, musobaqa ishtirokchilari hamda g‘olib jamoalarni samimiy tabrikladi. Shuningdek, u so‘nggi yillarda mamlakatimizda sport, ayniqsa voleybol yo‘nalishida olib borilayotgan islohotlar yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 274-sonli qarori bugungi kunda voleybol sportiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yaqqol namunasi ekanini qayd etdi.

Shuningdek, taqdirlash marosimida Toshkent davlat tibbiyot universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori T.A. Bobomuratov so‘zga chiqib, 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalarni tabrikladi hamda ularga medal, kubok va qimmatbaho esdalik sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi.

Musobaqa g‘olibi — “Gamlet” jamoasiga “Universitet kubogi” tantanali tarzda topshirildi. Ushbu musobaqa universitetda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, talabalar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qildi.

Mas’ullar: FAYZIYEV Z.B, NURIMOVA F.Z.

Tags

Leave a comment